Virtual qabulxona

Sog‘liqni saqlash tizimida korrupsiyaning oldini olish ishlarining holati tanqidiy muhokama qilindi

Asosiy yangiliklar 1 336 marta körilgan

Bugun Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi raisi Tanzila Narbayeva ishtirokida o‘tkazilgan sayyor majlisda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori o‘rinbosari Umed Mavlyanov Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimida "Korrupsiyasiz soha" loyihasining ijro etilishi yuzasidan axborot berdi.

Taʼkidlanganidek, loyiha doirasida mablag‘larni maqsadli va samarali ishlatilishi ustidan masofaviy tarzda monitoring va nazoratni olib borish bo‘yicha vazirlikning Situatsion markazi tashkil etildi.

Respublikada bemorlarning yagona maʼlumotlar bazasini yaratish maqsadida “Elektron poliklinika”, “Elektron shifoxona”, “Elektron tibbiy karta”, “Laboratoriya”, “Emlash (vaksinatsiya)”, “Elektron retsept" va “Homilador ayollar hisobi” kabi modullarni o‘zida jamlagan Yagona tibbiyot axborot tizimi (DMED) ishlab chiqildi.

Mazkur axborot tizimiga ayni vaqtda 3 841 ta tibbiyot muassasasi ulangan, u orqali o‘tgan yil dekabr oyidan 28 millionga yaqin aholining elektron tibbiy kartasi shakllantirildi.

Majlisda shu kabi ijobiy ishlar bilan bir qatorda “Korrupsiyasiz soha” loyihasini amalga oshirish bo‘yicha yo'l qo'yilayotgan kamchiliklar, davlat xaridlarini amalga oshirish, ochiqlikni taʼminlash, tibbiy xizmat ko‘rsatish jarayonlaridagi ayrim muammoli holatlar va ularni bartaraf etish masalalari muhokama qilindi.

Jumladan, bemorlar davolanishi uchun mo‘ljallangan jami o‘rin (joy) soni haqida onlayn maʼlumot beruvchi elektron platformani ishga tushirish, moliyaviy qarorlarni qabul qilishda manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, tizimdagi rahbar xodimlarning malaka attestatsiyalari tashkil etilishida korrupsiyaga qarshi kurashish mexanizmlarini joriy etish, korrupsiya xavfi yuqori bo‘lgan yo‘nalishlar va lavozimlar reyestrini ishlab chiqish lozimligi yuzasidan takliflar bildirildi.

Shu va boshqa masalalar yuzasidan masʼul rahbarlarning hisoboti tinglanib, ular zimmasiga tegishli vazifalar yuklatildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati

Öxşaş materiallar