Virtual qabulxona

Tojikiston aksillkorrupsiya idorasi bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan reja va maqsadlar belgilab olindi

Asosiy yangiliklar 2 170 marta körilgan

MDHning Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davlatlararo kengashi yig‘ilishi doirasida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov hamda Tojikiston Respublikasi Davlat moliyaviy nazorati va korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi rahbari Sultonzoda Sulaymon Said o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Muloqot avvalida ikki idora o‘rtasida 2022-yilda imzolangan hamkorlik Memorandumi korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning oldini olish, soha va xodimlarning bilim va ko‘nikmalarini oshirishda ijobiy samara berayotgani, bu borada to‘plangan tajriba faoliyatni takomillashtirishga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.

Uchrashuvda Memorandum doirasida imzolangan 2024-2025 yillarga mo‘ljallangan chora-tadbirlar rejasi ijrosiga alohida e’tibor qaratildi.

Ma’lumot o‘rnida: 2024-2025 yillarga mo‘ljallangan chora-tadbirlar rejasida hamkorlikning turli yo‘nalishlari qamrab olingan bo‘lib, jumladan, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikni kuchaytirish, aholining huquqiy savodxonligini oshirish, shuningdek, normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohasida shaffoflikni ta’minlash, korrupsion xavflarni aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha o‘zaro tajriba almashish masalalari ko‘zda tutilgan.

Aytish joiz, Chora-tadbirlar rejasiga asosan Tomonlar o‘rtasida qayd etilgan yo‘nalishlarda qator qo‘shma tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda.

Muloqot mobaynida Sultonzoda Sulaymon Said O‘zbekistonning aksilkorrupsiya siyosatidagi ilg‘or yutuqlar, xususan, davlat xizmatida halollikni ta’minlash hamda korrupsiyaga qarshi kurashda ichki nazorat tuzilmalari faoliyatini samarali tashkil etish borasidagi ijobiy tajribasini alohida e’tirof etib, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan yo‘lga qo‘yilgan davlat organlarining korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha chora-tadbirlarning samaradorligi reytingini Tojikistonda ham joriy etish ko‘zda tutilayotganini qayd etdi.

O‘z navbatida, O‘zbekiston tomoni muhokama qilingan masalalar yuzasidan o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyor ekanligini bildirdi.

Muloqot yakunida o‘zaro samarali hamkorlikni izchil davom ettirish va yangi bosqichga olib chiqish, amalga oshirilayotgan loyihalar ko‘lamini yanada kengaytirish bo‘yicha bir qator maqsad va vazifalar belgilab olindi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi

Axborot xizmati

Öxşaş materiallar