Toshkent shahrida korrupsiyaga qarshi kurashish ishlari muhokama qilindi
Toshkent shahrida korrupsiyaga qarshi kurashish va uni oldini olish bo‘yicha tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi” ijrosi Ishchi guruh rahbarlari — Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov va Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari Baxriddin Valiyev ishtirokida muhokama qilindi.

Yig‘ilishda, xususan, kadastr, sog‘liqni saqlash, bandlik, savdo kabi muhim sohalarda korrupsiyaviy xavf-xatarlarni keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan omillarni aniqlash va bartaraf etishga oid topshiriqlar ijrosi yuzasidan Ishchi guruh o‘rganishlari yakuniga eʼtibor qaratildi.


O‘rganishlarga ko‘ra, poytaxtda yer maydonlaridan o‘zboshimchalik bilan foydalanish holatlari yetarlicha nazoratga olinmagani, bozor va savdo komplekslarida raqamlashtirish ishlarini olib borish, davlat organlari va tashkilotlarida ochiqlikni taʼminlash, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish chora-tadbirlari lozim darajada olib borilmayotganligi tanqid qilindi.


Masʼullarga bu kabi salbiy holatlarni tezkor bartaraf etish, shuningdek,korrupsiyaviy omillarni bartaraf etishning yangi mexanizmlarini joriy qilish, masʼuliyat va tashabbuskorlikni oshirish lozimligi yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati