Toshkent viloyatida korrupsiya yuqori bo‘lgan sohalarda o‘rganishlar o‘tkazildi
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori o‘rinbosari U.Mavlyanov boshchiligidagi Ishchi guruh tomonidan Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanida bank, sog‘liqni saqlash va aholi bandligini taʼminlash sohalarida korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar o‘rganildi.
O‘rganishlarda asosiy eʼtibor davlat rahbari tomonidan belgilab berilgan vazifa va topshiriqlarga ko‘ra, korrupsiyaviy huquqbuzarliklarning kelib chiqishiga sabab bo‘layotgan asosiy omillar, ularni raqamlashtirish orqali korrupsiyaviy xavf-xatarlarni minimallashtirish, aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlarning xalqchilligini oshirishga qaratilgan takliflarni ishlab chiqish va amaliyotga samarali joriy etishga qaratildi.

Jumladan, AT “Xalq banki” Yangiyo‘l Universal bank xizmatlar markazi faoliyati misolida imtiyozli kredit mablag‘lari ajratish, fuqarolarga pensiya va nafaqa pullarini naqd pulda tarqatish jarayonlarida korrupsiyani keltirib chiqarayotgan omillar o‘rganildi.
O‘rganish natijasi ko‘rsatdiki, sohada hamon inson omili mavjud ekanligi, raqamlashtirish jarayonlari to‘liq yo‘lga qo‘yilmaganligi, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni minimallashtirish bo‘yicha yetarli choralar ko‘rilmaganligi natijasida mablag‘larni talon-toroj qilish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar sodir etilishiga sabab bo‘lmoqda.

Tuman tibbiyot birlashmasi va markaziy shifoxonasida o‘tkazilgan o‘rganishlarda esa pullik va bepultibbiy xizmatlarni ko‘rsatish, ular to‘g‘risidagi axborotlardan jamoatchilikning xabardorligini oshirish, xodimlarni ishga qabul qilishda oshkoralik va xolislikni taʼminlash, davlat xaridlarini o‘tkazish tartib-taomillariga rioya etish va moliyaviy xarajatlarni oqilona amalga oshirish bilan bog‘liq jarayonlarda qator kamchiliklar aniqlandi.

Aholi bandligini taʼminlash, mazkur sohada korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlarda ham ayrim sustkashliklarga yo‘l qo‘yib kelinayotganligi maʼlum bo‘ldi.
Xususan, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limi tomonidan xodimlarni ishga qabul qilish bo‘yicha ochiq tanlovlar o‘tkazish, tumandagi barcha tashkilotlarning bo‘sh ish o‘rinlari to‘g‘risidagi maʼlumotlarni taqdim etilishini taʼminlash ustidan yetarli nazorat o‘rnatilmaganligi maʼlum bo‘ldi.

Masʼullar bilan birga yuqorida qayd etilgan kamchiliklarni tezkor bartaraf etish hamda kelgusida yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan zarur chora-tadbirlar belgilab olindi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati