Toshkent viloyatida korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi"ning ijrosi muhokama qilindi
Toshkent viloyatida korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi”da belgilangan topshiriqlar ijrosi, bu borada yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov va Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari Baxriddin Valiyev ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda muhokama qilindi.

Ishchi guruh rahbarlari tomonidan “Yo‘l xarita”da korrupsiya xavfi yuqori bo‘lgan sohalar - kadastr, sog‘liqni saqlash, maktabgacha va maktab taʼlimi kabi qator sohalarda korrupsiya omillarini aniqlash va ularni bartaraf etishga qaratilgan aniq chora-tadbirlar belgilab berilgan bo‘lsa-da, ayrim hollarda ularning ijrosi yetarli bajarilmayotganligi yoki umuman ijrosiz qolib ketayotganligi o‘rganishlar davomida o‘z tasdig‘ini topayotgani taʼkidlandi.

— Masalan, Agentlik hamda ishchi guruhlarning viloyatdagi har bir tashrifi davomida manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik, davlat xizmatida g tadbikorlik bilan shug‘ullanmaslik bo‘yicha tushuntirishlar olib borilganligi va jazo choralari qo‘llanilganligiga qaramasdan hali ham mazkur muammo saqlanib qolmoqda. O‘rganishlarimizda viloyat miqyosida jami 36 nafar boshqaruv xodimi (1 nafar hokim o‘rinbosari, 31 nafar hokim yordamchisi hamda 4 nafar boshqaruv xodimi) 37 ta tadbirkorlik subyektida taʼsischilik va rahbarlik asosida hanuzgacha faoliyat yuritib kelayotganligi aniqlandi,— dedi Akmal Burxanov.

Masʼullarga bu kabi salbiy holatlarni tezkor bartaraf etish zarurligi yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Shuningdek, “Yo‘l xarita”da belgilangan vazifalar bilan cheklanib qolmasdan yangi tashabbuslarni ilgari surish, masʼuliyat va tashabbuskorlikni oshirish lozimligi alohida qayd etildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati