Xabar beruvchilarni himoya qilish bo‘yicha ikki kunlik trening o‘tkazildi
Yevropa Kengashi tomonidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamkorligida “Markaziy Osiyo – qonun ustuvorligi: shaffoflikka ko‘maklashish va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish (CA TAEC)” mintaqaviy loyihasi doirasida joriy yilning 27-28-fevral kunlari O‘zbekistonda xabar beruvchilarni himoya qilish bo‘yicha davlat xizmatchilari uchun seminar-trening tashkil etildi.
CA TAEC loyihasi Yevropa Ittifoqi va Yevropa Kengashining qo‘shma tashabbusi bo‘lgan Markaziy Osiyoda qonun ustuvorligi dasturining bir qismi bo‘lib, hamkorlar bilan birgalikda amalga oshirilmoqda. Loyiha Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekistonda iqtisodiy jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish, ularning oldini olish salohiyatini mintaqaviy va mamlakat ustuvor yo‘nalishlariga muvofiq ravishda mustahkamlashga qaratilgan.

Treningxabar berishning foydali taʼsiri to‘g‘risida xabardorlikni oshirish, shuningdek, mazkur yo‘nalishda davlat xizmatchilari duch kelishi mumkin bo‘lgan vaziyatlarni to‘g‘ri hal qilishda ularning bilim va amaliy ko‘nikmalari darajasini kuchaytirish maqsadida tashkil etildi.
Shu maqsadda treningda O‘zbekistonda xabar beruvchilarni himoya qilish bo‘yicha qonunchilik asoslari, davlat organlarida qonunbuzarliklar to‘g‘risida xabar berish mexanizmlari, xabar beruvchilar to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining joriy etilishi va samaradorligi bilan bog‘liq muammolar, xabar beruvchilar bilan aloqa o‘rnatish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasining Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2023-2024 yillarga mo‘ljallangan davlat dasturida korrupsiya to‘g‘risida xabar beruvchilarning huquqlarini himoya qilish mexanizmlarini nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish bo‘yicha belgilangan vazifa ijrosini taʼminlash maqsadida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xodimlari hamda manfaatdor vazirlik va idoralar vakillaridan iborat ishchi guruhlar tomonidan ishlab chiqilgan “Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan shaxslarni himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokama qilinib, loyihani yana-da takomillashtirish yuzasidan o‘zaro fikr almashildi.
Umida Tuxtasheva, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori o‘rinbosari:
— Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlari uchun korrupsiyaga qarshi kurashish tarmog‘ining Istanbul harakatlar rejasi doirasidagi tavsiyalari hamda dunyoning ilg‘or demokratik davlatlaridagi (AQSH, Janubiy Koreya Respublikasi, Xitoy Xalq Respublikasi, Latviya, Serbiya, Ozarbayjon, Gruziya, Qirg‘iziston) Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida shakllangan tajriba va amaliyot tahlili “Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan shaxslarni himoya qilish to‘g‘risida” qonun qabul qilinishiga ehtiyoj mavjudligini ko‘rsatdi. “Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan shaxslarni himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ana shu zarurat tufayli ishlab chiqildi. Hozirda ishchi guruhlar tomonidan qonun loyihasi yuzasidan tegishli muhokamalar o‘tkazilmoqda. Mazkur treningda xabar beruvchilarni himoya qilish bo‘yicha bildirilgan taklif va tavsiyalar qonun loyihasini takomillashtirishda foydali bo‘ladi, degan umiddaman.

Trening mobaynida Yevropa Kengashining xalqaro eksperti Eshli Saveydj tomonidan xabar beruvchilarni himoya qilish bo‘yicha xalqaro standartlar, korrupsiyaga oid xabarlar bilan ishlash va ularni tekshirish, davlat organlarida qonunbuzilishi holatlari to‘g‘risida xabar berish mexanizmlari, xabar beruvchilar bilan samarali aloqa o‘rnatish va ishonchni mustahkamlash masalalari aniq amaliy misollar orqali tushuntirib berildi.
Eshli Saveydj, Yevropa Kengashining xalqaro eksperti:
— Xabar beruvchilarni himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilik nafaqat xabar beruvchilarni himoya qiladi, balki hokimiyat hamda ish beruvchilar bilan xavfsiz va ishonchli aloqa o‘rnatishga ham xizmat qiladi. Xabar beruvchilarning huquq va manfaatlari himoyasini kafolatlash ularni huquqbuzarliklar haqida o‘z vaqtida xabar berishga undaydi va bu bilan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan salbiy oqibatlarning oldi olinishiga erishiladi.

Shuningdek, xabar beruvchilarni himoya qilish bo‘yicha xalqaro amaliyot va ilg‘or xorijiy tajribalar bilan o‘rtoqlashildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati