Xabar beruvchilarni himoya qilish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari muhokama qilindi
Yevropa Kengashi tomonidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamkorligida “Markaziy Osiyo – qonun ustuvorligi: shaffoflikka ko‘maklashish va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish (CA TAEC)” mintaqaviy loyihasi doirasida joriy yilning 26 fevral kuni masʼul davlat idoralari va tashkilotlari vakillari ishtirokida "Xabar beruvchilarni himoya qilish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari tahlili" mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Maʼlumot uchun: CA TAEC loyihasi Yevropa Ittifoqi va Yevropa Kengashining qo‘shma tashabbusi bo‘lgan Markaziy Osiyoda qonun ustuvorligi dasturining bir qismi bo‘lib, hamkorlar bilan birgalikda amalga oshirilmoqda. Loyiha Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekistonda iqtisodiy jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish, ularning oldini olish salohiyatini mintaqaviy va mamlakat ustuvor yo‘nalishlariga muvofiq ravishda mustahkamlashga qaratilgan.
Davra suhbatida xalqaro standartlar va milliy huquqiy asoslarga muvofiq xabar beruvchilarni himoya qilish bo‘yicha ilg‘or tajribalar, davlat boshqaruvi organlarida qonunbuzarliklar to‘g‘risida xabar berish mexanizmidan foydalanishni kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.

Taʼkidlanganidek, korrupsiya va qonunbuzarlikning boshqa shakllari to‘g‘risida xabar beruvchilarni himoya qilish to‘g‘risidagi qonunlar kuchli demokratik jamiyatlarning muhim xususiyatidir. O‘zbekiston Respublikasining «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi Qonuni (28-moddasi)da korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi axborotni xabar qiluvchi shaxslar va ularning yaqin qarindoshlari davlat himoyasida bo‘lishi belgilangan. Shuningdek, bunday shaxslarni tegishli tartibda rag‘batlantirishning qonuniy asoslari mustahkamlab qo‘yilgan.
Shuningdek, Agentlik tomonidan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati ochiqligi, shaffofligi va hisobdorligini yana-da oshirish, ochiq eʼlon qilishini kerak bo‘lgan ijtimoiy ahamiyatga molik maʼlumotlar ko‘lamini yana-da kengaytirish, sohada taʼsirchan nazorat tizimini shakllantirish, ochiq maʼlumotlarni erkin izlash va olishga doir fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini to‘liq taʼminlashga qaratilgan vazifalar amalga oshirib kelinmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 27-noyabrdagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yana-da takomillashtirish hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati tizimi samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-200-son Farmoni bilan qabul qilingan Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2023-2024-yillarga mo‘ljallangan davlat dasturida ham ayni masalaga alohida eʼtibor qaratilib, korrupsiya to‘g‘risida xabar beruvchilarning huquqlarini himoya qilish mexanizmlarini nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish vazifasi belgilandi.

Mazkur vazifa ijrosini taʼminlash maqsadida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xodimlari hamda manfaatdor vazirlik va idoralar vakillaridan iborat ishchi guruhlar tomonidan “Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan shaxslarni himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonun loyihasi ishlab chiqildi. Ishchi guruhlar Qonun loyihasi yuzasidan tegishli muhokamalar o‘tkazib kelmoqda.
Ana shunday muhokamalarning mantiqiy davomi sifatida ushbu davra suhbatida ham qonun loyihasini takomillashtirish yuzasidan xalqaro va mahalliy ekspertlar tomonidan fikr-mulohazalar, taklif va tavsiyalar bildirildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati