Virtual qabulxona

Xalqaro ekspertlar ishtirokida komplayens-nazorat tuzilmasi xodimlari uchun ikki kunlik o‘quv seminar o‘tkazildi

Asosiy yangiliklar 2 775 marta körilgan

Joriy yilning 29-30 may kunlari Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari (komplayens-nazorat) xodimlari uchun “Davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaning oldini olish va “komplayens-nazorat” tizimini samarali joriy etish” mavzusida ikki kunlik o‘quv-seminar o‘tkazildi.

Tadbir Yevropa Ittifoqi va Germaniya Federal iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot vazirligi (BMZ) moliyaviy ko‘magida GIZ, BMT TD, "Mintaqaviy muloqot", “Transparency International Latvia/DELNA” xalqaro nodavlat notijorat tashkilotlari bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonda davlat boshqaruvini takomillashtirish: korrupsiyaning oldini olishda inklyuziv yondashuv” loyihasi doirasida tashkil etildi.

Ushbu o‘quv-seminar Agentlik tomonidan komplayens-nazorat tuzilmalari faoliyatiga amaliy ko‘mak ko‘rsatishni izchil davom ettirish, ilg‘or xorijiy amaliyot asosida tuzilma xodimlarining bilim va ko‘nikmalarini oshirish borasida tashkil etib kelinayotgan anʼnaviy o‘quvlarning navbatdagisidir.

Tadbir avvalida O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish tizimining huquqiy va institutsional asoslari, Agentlik tomonidan tizim faoliyatini samarali joriy etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar va ularning natijalari xususida alohida to‘xtalib o‘tildi.

Taʼkidlanganidek, ayni vaqtda 117 ta davlat organlari va tashkilotlari, banklar va 100 dan ortiq oliy taʼlim muassasalarida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Xalqaro standartlar asosida ichki nazorat tuzilmalari faoliyatini tartibga soluvchi 10 ta idoraviy hujjat, 7 ta darslik va metodologik qo‘llanmalar chop etilib, tashkilotlar faoliyatiga tatbiq etildi. 50 dan ortiq davlat organlari va tashkilotlari “Korrupsiyaga qarshi kurashish menejment tizimi” bo‘yicha ISO 37001:2016 xalqaro standart sertifikatiga ega bo‘ldi.

Davlat rahbarining tegishli qarorlari bilan 2022 yilda 24 ta, 2023 yilda 62 ta, joriy yilda 95 ta tashkilotda korrupsiyaga qarshi kurashish ishlari samaradorligi reyting baholashdan o‘tkazildi, shuningdek, 2023 yilda 39 ta, joriy yilda esa 93 ta tashkilotda korrupsiya xavf-xatarlari aniqlanib, baholandi va jamoatchilikka eʼlon qilindi. Bundan tashqari, “E-antikorrupsiya” loyihasi ishga tushirilib, «E-Anticor.uz» elektron platformasida 93 ta tashkilotning Korrupsiyaviy xavf-xatarlar xaritasi, Chora-tadbirlar dasturi va Korrupsiyaga moyil bo‘lgan munosabatlar elektron reyestri shakllantirildi.

O‘quv seminarning dastlabki kuni mamlakatimizda amalga oshirilayotgan shu kabi chora-tadbirlar bilan bir qatorda davlat idoralari hamda xususiy sektor faoliyatida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat (komplayens-nazorat) tizimini joriy etish bo‘yicha xalqaro standartlar hamda ilg‘or amaliyotlar Janubiy Koreya, Malayziya, Germaniya, Sloveniya kabi davlatlarning tajribasi misolida ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, “e-antiсor.uz” platformasidagi ko‘rsatkichlar bo‘yicha tahlil natijalari va reyting mezonlari, korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyati samaradorligini reyting baholash natijalariga ko‘ra “yaxshi” deb baholangan davlat tashkilotlarining faol tajribasi va ularni ommalashtirish masalalari muhokama qilindi.

Seminarning ikkinchi kunida “Mintaqaviy muloqot” xalqaro nodavlat tashkiloti eksperti hamda Agentlik masʼul xodimlari korrupsiya xavfini aniqlash, baholash va kamaytirish bo‘yicha O‘zbekiston va xorij tajribasiga bag‘ishlangan taqdimotlar qildi.

Davlat tashkilotlarida korrupsiyaning oldini olish va byudjet mablag‘larining maqsadli sarflanishi yo‘nalishida Hisob palatasi tomonidan amalga oshirilayotgan tadbirlar ham o‘quv seminar dasturidan alohida o‘rin oldi. Mazkur masala 12 ta vazirlik faoliyati misolida ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, xalqaro ekspert ishtirokida davlat organlari va tashkilotlari misolida korrupsiyaviy xavf-xatarni baholash bo‘yicha master klass o‘tkazildi.

Tadbir mobaynida Agentlik tomonidan korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari masʼul xodimlari uchun tayyorlangan “Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat: 100 savolga 100 javob” nomli amaliy qo‘llanma ishtirokchilarga taqdim qilindi. Mazkur qo‘llanma ichki nazorat tuzilmasi faoliyatini tashkil etishga oid umumiy masalalar, korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimi, davlat organlari va tashkilotlari faoliyatida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va baholashga oid asosiy savollarga javoblar shaklida tayyorlangan.

O‘quv-seminar doirasida ishtirokchilar uchun davlat idoralarida korrupsiyaga qarshi “komplayens-nazorat” tuzilmalarining dolzarb vazifalari va ustuvor yo‘nalishlarida Agentlik masʼul xodimlari bilan ochiq muloqot ham tashkil etildi. Muloqotda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimini samarali joriy etishda uchrayotgan muammolar, faoliyatni tartibga soluvchi meʼyoriy hujjatlarni amaliyotga tatbiq etishda yo‘l qo‘yilayotgan xato va kamchiliklar o‘rganish va tahlil natijalari asosida ochiq muhokama qilinib, faoliyatni yana-da takomillashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.

O‘quv seminar yakunida ishtirokchilarga tashkilotchilar tomonidan sertifikat topshirildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati

Öxşaş materiallar