Xalqaro valyuta jamg‘armasi vakillari O‘zbekistonning aksilkorrupsiya siyosatidagi muhim o‘zgarishlar bilan tanishdi
Joriy yilning 30-aprel kuni Agentlik direktorining o‘rinbosari Umida Tuxtasheva Xalqaro valyuta jamg‘armasining O‘zbekistondagi missiyasi rahbari Yassir Abdix boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Maʼlumot uchun: Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) 190 mamlakatni o‘z ichiga olgan moliyaviy tashkilot bo‘lib, global valyuta hamkorligini mustahkamlash, moliyaviy barqarorlikni taʼminlash, xalqaro savdoni takomillashtirish, bandlik va barqaror iqtisodiy o‘sishga ko‘maklashadi.
O‘zbekiston Respublikasi XVJga 1992-yil 21-sentyabrda aʼzo bo‘lgan.

Uchrashuvdan maqsad XVJ missiyasi tomonidan so‘nggi 2 yilda O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilgan ishlar va islohotlar to‘g‘risida maʼlumot olish, xususan, institutlar salohiyati kuchayishi, iqtisodiyotda korrupsiyaviy muammolar bartaraf etilishi, huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyati haqida maʼlumot olishdan iborat bo‘ldi.
Muloqot avvalida Agentlik direktori o‘rinbosari Umida Tuxtasheva Jamg‘arma vakillarini O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi so‘nggi islohotlar, xususan, aksilkorrupsiya siyosatini amalga oshirishda Agentlik va boshqa mutasaddi organlar faoliyatidagi muhim yangilik va o‘zgarishlar jarayonidan xabardor etdi.

Jumladan, Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2023-2024 yillarga mo‘ljallangan davlat dasturi ,davlat organlari va tashkilotlarida ochiqlik siyosatini taʼminlash, shuningdek, komplayens-nazorat tizimini joriy etish, davlat xaridlari sohasini tartibga solish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar samaradorligi haqida batafsil maʼlumot berildi.
Jamg‘arma vakillari tomonidan davlat xizmatchilarining daromad va mol-mulkini deklaratsiya qilish tizimi joriy etilishining bugungi kundagi holati, davlat xaridlarini amalga oshirishda o‘rta va kichik tadbirkorlik subyektlari ishtirokini oshirish, manfaatlar to‘qnashuvini aniqlash va oldini olish, mazkur yo‘nalishlardagi muammo va kamchiliklarni bartaraf etish masalalariga alohida qiziqish bildirildi.

Shuningdek, xabar beruvchilarni himoya qilish to‘g‘risidagi qonun loyihasi ham XVJ vakillarining eʼtibor markazida bo‘ldi. Mazkur qonun loyihasi ayni paytda fuqarolar fikrini olish uchun jamoatchilik muhokamasigi qo‘yilganligi, bundan tashqari, Agentlikda korrupsiya holatlari bo‘yicha murojaat qilish uchun “Call-markaz” hamda “E-anticor” elektron platformasining mavjudligi, ushbu platformalar orqali barcha fuqarolar uchun tunu-kun murojaat qilish imkoniyati yaratilganligi Agentlik masʼullari tomonidan maʼlum qilindi.

So‘ng tomonlar xususiy sektorda korrupsiyaga qarshi kurashish, soha vakillari bilan hamkorlik, O‘zbekistonda ishlab chiqilgan Biznes aksilkorrupsiya xartiyasi, Korrupsiyani qabul qilish milliy indeksi va boshqa qator masalalar bo‘yicha fikr almashishdi.
Xalqaro tashkilot vakillari mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish siyosatini yana-da takomillashtirish borasida olib borilayotgan izchil va qatʼiy islohotlarni ijobiy baholadi.
Yakunda o‘zaro hamkorlik aloqalarini yana-da rivojlantirish va korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida muloqotlarni davom ettirishga kelishib olindi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati