Yirik investitsiya loyihasini amalga oshirishda ochiqlikni ta’minlash bo'yicha doimiy nazorat o‘rnatiladi
Davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan tegishli qarorga muvofiq, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Xalqaro taraqqiyot uyushmasi (XTU) ishtirokida “Milliy irrigatsiya tizimlarini yaxshilash va energiya samaradorligini oshirish” loyihasi doirasida ajratiladigan mablag‘lardan samarali foydalanilishi hamda ushbu jarayonda ochiqlikni ta’minlanishi ustidan doimiy nazorat o‘rnatadi.
▪️Amalga oshirish davri – 5 yil (2025-2030-yillar)
▪️Umumiy qiymati – 240,5 mln AQSh dollari
Shundan XTUning imtiyozli krediti – 200 mln AQSh dollari.
Loyiha doirasida:
▫️Qoraqalpog'iston Respublikasi, Buxoro, Qashqadaryo, Namangan va Surxondaryo viloyatlarida jami 259 km uzunlikdagi kanallarni rekonstruksiya qilish;
▫️466 gidrotexnika inshootlarini modernizatsiya qilish orqali yiliga 165 million kVt/soat elektr energiyasini iqtisod qilish;
▫️232,5 ming gektar sug‘oriladigan yer maydonlarini suv bilan barqaror taʼminlash hamda foydalanishdan chiqib ketgan 21 ming gektar yer maydonlarini qayta foydalanishga kiritish ko‘zda tutilgan.
Agentlik tomonidan mazkur investitsiya loyihasini amalga oshirish jarayonida ochiqlikni ta’minlash yuzasidan nazorat tadbirlari davomida masofaviy monitoring, joyiga chiqib o‘rganish va boshqa tadbirlar olib boriladi hamda natijalari bo‘yicha jamoatchilikka muntazam axborot berib boriladi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati