Virtual qabulxona

Jamoatchilik kengashi aʼzolari tomonidan hududlarda treninglar o‘tkazilmoqda

Asosiy yangiliklar 1 937 marta körilgan

Vazirlik va idoralar tizimida korrupsiyaning oldini olish, ochiqlikni taʼminlash, tashkilot bilan aholi o‘rtasida ko‘prik vazifasini bajarishda Jamoatchilik kengashlari muhim o‘rin tutadi.

Bu borada Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi huzurida ham Jamoatchilik kengashi tashkil etilgan. Eʼtiborlisi, BMT Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi hamda Jahon banki ekspertlari tavsiyalari asosida ushbu Kengashning nizomi ishlab chiqilgan va tarkibi tanlov o‘tkazish orqali shakllantirilgan.

O‘tgan davr mobaynida Kengash aʼzolari tomonidan bir qator amaliy ishlar, jamoatchilik eshituvlari, tadbirlar tashkil etildi.

Birgina 2023-yilning o‘zida Kengash tomonidan bir qator Jamoatchilik eshituvlari tashkil etildi. Xususan, Sog‘liqni saqlash sohasida korrupsiyasiz soha loyihasini amalga oshirish holati, Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash hamda Davlat organlari va tashkilotlarida ochiqlik bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarning samaradorligi va natijadorligini baholashga qaratilgan Ochiqlik indeksi natijalari Kengash yig‘ilishida muhokama qilindi.

Shuningdek, Kengash aʼzolari tomonidan mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan qabul qilinadigan qarorlarni ishlab chiqish, kelishish va ro‘yxatdan o‘tkazishning “E-qaror” yagona elektron tizimida mavjud hujjatlar mazmunining jamoatchilik uchun ochiqligi holati tahlil qilindi.

Shu bilan birga Kengash aʼzolari o‘z tajribalari bilan boshqa tashkilotlar huzuridagi Jamoatchilik kengashlari bilan ham o‘rtoqlashmoqdalar.

Jumladan, Kengash raisi Foziljon Otaxonov hududlarda Demokratiya va inson huquqlari instituti tomonidan tashkil etilayotgan “O‘zbekiston Respublikasida jamoatchilik kengashlari: huquqiy asoslari va xalqaro tajriba” mavzusida tashkil etilgan treninglarda maʼruza bilan ishtirok etmoqda.

Jizzax va Samarqand viloyatlarida tashkil etilgan treninglarda viloyat va tumanlar hokimliklari huzuridagi Jamoatchilik kengashi aʼzolari, adliya boshqarmasi vakillari, mahalliy kengashlar deputatlari hamda nodavlat notijorat tashkilotlari rahbarlari qatnashdi.

Tadbir ishtirokchilari tomonidan viloyat va tuman hokimliklari huzuridagi Jamoatchilik kengashlarining asosiy vazifalari, funksiyalari, jamoatchilik nazoratini amalga oshirish shakllari va mexanizmi, ularning faoliyati samaradorligini oshirish hamda bu boradagi muammolar to‘g‘risida fikr-mulohazalar bildirildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati

Öxşaş materiallar