O‘zbekiston Respublikasi davlat organlari va tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini reyting baholash muhokama qilindi
Joriy yilning 18 iyul kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligida Tojikiston Respublikasining Davlat moliyaviy nazorati va korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xodimlari uchun Agentlik xodimlari tomonidan “O‘zbekiston Respublikasi davlat organlari va tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini reyting baholash” mavzusida seminar o‘tkazildi.
Maʼlumot o‘rnida:O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
2022-yil 12-yanvardagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-81-son qaroriga asosan 2022-yil 1-iyuldan boshlab reyting baholash tizimi barcha davlat tashkilotlari faoliyatiga joriy etildi.

Seminar avvalida davlat organlarining korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini reyting baholash tizimi doirasida maʼlumotlarni yig‘ish va tahlil qilish usullari, shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish choralar samaradorligini baholashda foydalaniladigan asosiy ko‘rsatkichlar masalalari xususida to‘xtalib o‘tildi.
Shundan so‘ng Agentlikning xodimlari ishtirokchilarni davlat organlari va tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini reyting baholash bo‘yicha O‘zbekiston tajribasi bilan yaqindan tanishtirdi.

Seminar jarayonida tashkilotda korrupsiyaga qarshi kurashish tizimining samarali ishlashini taʼminlash va nazorat qilish uchun muhim bo‘lgan ishlarni amalga oshirish aniq misollar orqali atroflicha muhokama qilindi.
Shuningdek, seminar davomida reyting bahosini joriy etish sog‘lom raqobatni yaratish va tashkilotlar o‘rtasida tajriba almashishda muhim rol o‘ynashi hamda ushbu yondashuv davlat idoralari va tashkilotlarini korrupsiyaga qarshi kurashish amaliyotini doimiy ravishda takomillashtirish va ish sifatini oshirishga undashi taʼkidlandi.
Muhokamalar jarayonida korrupsiyaviy xatti-harakatlar sodir etilishining oldini olish, tashkilot tizimida korrupsiyaga qarshi profilaktik chora-tadbirlarni tashkil etish, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi hujjatlar ijrosini taʼminlash. shuningdek, korrupsiyaviy holatlarni barvaqt aniqlash va ularning sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish masalalari ko‘rib chiqildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati