O‘zbekistonda gender va korrupsiyaga oid muhim masalalar muhokama qilindi
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan BMT Taraqqiyot dasturi hamkorligida va Yevropa Ittifoqi moliyaviy ko‘magida “O‘zbekistonda gender va korrupsiya: tub o‘zgarishlar sari” mavzusida muhokama uchrashuvi o‘tkazildi.
Tadbirda parlament, sud hokimiyati, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, vazirlik va idoralar, diplomatik korpus hamda fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirok etdi.

Muhokamadan ko‘zlangan asosiy maqsad — korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi milliy siyosatga genderga oid taʼsirchan indikatorlarni integratsiya qilishning amaliy mexanizmlarini muhokama qilish, shuningdek, mazkur yo‘nalishdagi qonunchilik va institutsional bazani takomillashtirish bo‘yicha asoslangan taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat bo'ldi.

Taʼkidlanganidek, O‘zbekiston so‘nggi yillarda korrupsiyaga qarshi murosasiz kurashish va jamiyatda gender tengligini taʼminlash borasida izchil islohotlarni amalga oshirmoqda. Biroq, shu vaqtgacha global miqyosda ham, milliy darajada ham korrupsiya ko‘pincha “gender-neytral”, yaʼni xotin-qizlar va erkaklarga bir xil taʼsir ko‘rsatuvchi hodisa sifatida baholanib kelingan.

Vaholanki, xalqaro tadqiqotlar korrupsiya jamiyatning zaif qatlamlariga, xususan, ayollarning ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga, sog‘liqni saqlash, taʼlim va davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlariga nisbatan og‘irroq salbiy taʼsir ko‘rsatishini tasdiqlamoqda.
Tadbirda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov ayollar tomonidan sodir etilayotgan korrupsiya holatlari masalasiga ham alohida to‘xtalib o‘tdi. Qayd etilganidek, bunday holatlar umumiy jinoyatchilik tarkibida nisbatan kam ulushni tashkil etsa-da, ayrim hollarda uchrab turibdi. Shu bilan birga, bu holat ayollarni korrupsiyaga undayotgan ijtimoiy-iqtisodiy omillar, ularning mehnat sharoitlari hamda huquqiy himoyasi masalalarini qayta ko‘rib chiqish zarurligini ham anglatadi.

Tadbirda Tadqiqot BMT Taraqqiyot Dasturi tomonidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan hamkorlikda va Yevropa Ittifoqi moliyaviy ko‘magida o‘tkazilgan “O‘zbekistonda gender va korrupsiya: tub o‘zgarishlar sari” nomli tadqiqot natijalari ham taqdim etildi.
Tadqiqot aholining korrupsiyani qabul qilishi, korrupsiyaviy holatlarga duch kelish holatlari, shuningdek genderga sezgir yondashuvlarni korrupsiyaga qarshi islohotlar va siyosatga joriy etish imkoniyatlarini o‘rganish maqsadida amalga oshirildi.

Tadqiqot doirasida xalqaro hujjatlar va milliy qonunchilik tahlil qilinib, respondentlar so‘rovnoma o‘tkazildi. Shuningdek, mamlakatning turli hududlarida 10 ta guruh muhokamasi tashkil etildi.
Tadqiqotning asosiy xulosalaridan biri sifatida norasmiy anʼanalar va ijtimoiy meʼyorlarning korrupsiyaga munosabat shakllanishiga sezilarli taʼsir ko‘rsatishi qayd etildi.
Xususan, so‘rov ishtirokchilarining qariyb 70 foizi “suyunchi”, “tanish-bilish” kabi norasmiy amaliyotlar, shuningdek qimmat oilaviy marosimlar bilan bog‘liq ijtimoiy kutilmalar korrupsiya tarqalishiga taʼsir ko‘rsatishi mumkinligini taʼkidlagan.

Tadqiqotning yana bir muhim yo‘nalishi ayollar qaysi sohalarda korrupsiyaviy xatarlarga ko‘proq duch kelayotganini aniqlashga qaratildi. Ishtirokchilar ayollar, asosan, tibbiy xizmatlardan foydalanish, oilaga g‘amxo‘rlik qilish va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq jarayonlarda korrupsiyaviy xatarlarga ko‘proq duch kelishini taʼkidladi.
Shuningdek, tadqiqot natijalari ayollar uchun korrupsiya bilan bog‘liq holatlarda murojaat qilish va himoya mexanizmlarini yanada xavfsiz, qulay hamda genderga sezgir asosda takomillashtirish zarurligini ko‘rsatdi.

Tadqiqot doirasida O‘zbekistonning korrupsiyaga qarshi qonunchiligiga gender yondashuvini joriy etish masalasi ham xalqaro tavsiyalar nuqtai nazaridan tahlil qilindi. Unga ko‘ra, milliy qonunchilik asosiy xalqaro standartlarga umumiy jihatdan mos kelishiga qaramay, genderga sezgir yondashuvlar korrupsiyaga qarshi qonunchilik hamda uni amaliyotda qo‘llash jarayonlarida yetarli darajada aks etmagani qayd etildi.
Tadqiqot natijalari asosida korrupsiyaga qarshi islohotlar samaradorligini oshirishga qaratilgan qator tavsiyalar ishlab chiqildi.
Jumladan, genderga sezgir yondashuvlarni korrupsiyaga qarshi qonunchilik va siyosatga joriy etish, korrupsiyaga qarshi kurashish va gender tengligini taʼminlash yo‘nalishida faoliyat yurituvchi tuzilmalar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, aholining huquqiy savodxonligini oshirish, ijtimoiy stereotiplarga qarshi kurashish hamda ayollarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish taklif etildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati
25.05.2026