Virtual qabulxona

O‘zbekistonda Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti Aksilkorrupsiya tarmog‘ining 5-raund monitoringi ikkinchi bosqichi amalga oshirilmoqda

Asosiy yangiliklar 1 059 marta körilgan

Bugun O‘zbekistonda Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT) Aksilkorrupsiya tarmog‘ining 5-raund monitoringi ikkinchi bosqichini amalga oshirish ishlari boshlandi.

Shu munosabat bilan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov IHTT Kotibiyati monitoring guruhi rahbari Ivan Presnyakovni qabul qildi. Uchrashuvda monitoringning mazkur bosqichini samarali o‘tkazish bilan bog‘liq tashkiliy masalalar muhokama qilindi.

Maʼlumot uchun: Istanbul harakatlar rejasi IHTTning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun Aksilkorrupsiya tarmog‘ining mintaqaviy dasturi bo‘lib, Armaniston, Ozarbayjon, Gruziya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Moldova, Mo‘g‘uliston, Tojikiston, Ukraina va O‘zbekistonni qamrab oladi. Uning doirasida ishtirokchi davlatlarda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi hamda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi xalqaro standartlarning milliy amaliyotga joriy etilishi muntazam baholab boriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29-iyundagi PF–6013-son Farmoniga muvofiq, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Istanbul harakatlar rejasi doirasidagi ishlar hamda monitoring yakunlari bo‘yicha ishlab chiqilgan tavsiyalar ijrosini taʼminlash yuzasidan O‘zbekiston Respublikasining milliy koordinatori hisoblanadi.

Monitoringda korrupsiyaga qarshi siyosat, manfaatlar to‘qnashuvi va mol-mulkni deklaratsiya qilish, korrupsiya haqida xabar beruvchilarni himoya qilish, biznesda halollik, davlat xaridlarida halollik, sud va prokuratura mustaqilligi, korrupsiyaga qarshi ixtisoslashtirilgan institutlar hamda korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik kabi to‘qqizta samaradorlik yo‘nalishida 2025 yilda amalga oshirilgan ishlar baholanadi.

Baholash jarayonlari IHTT, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki ekspertlari, shuningdek Ukraina, Latviya va Litva ekspertlari tomonidan amalga oshiriladi.

Maʼlumot uchun: Birinchi bosqich monitoringi 2024-yilda o‘tkazilgan bo‘lib, unda korrupsiyaga qarshi kurashish tizimi manfaatlar to‘qnashuvi, biznesda halollik, davlat xaridlari, sud organlari mustaqilligi, aksilkorrupsiya institutlari va boshqa yo‘nalishlarning xalqaro standartlarga mosligi o‘rganib chiqildi. Monitoring yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonning korrupsiyaga qarshi siyosati Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida eng yuqori baholandi.

Monitoring dasturi doirasida IHTT ekspertlar guruhi tomonidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, korrupsiyaga qarshi kurashishga masʼul davlat organlari rahbarlari va mutaxassislari,fuqarolik jamiyati institutlari va biznes vakillari bilan uchrashuv hamda muhokamalar o‘tkaziladi.

Monitoring tadbirlarining rasmiy ochilish marosimida mazkur monitoring xalqaro majburiyatlarning bajarilishini baholash bilan birga, milliy islohotlarni yanada takomillashtirish, korrupsiyaga qarshi choralar samaradorligini oshirish hamda korrupsiyaviy xavflarni kamaytirish uchun muhim ahamiyat kasb etayotgani taʼkidlandi.

Xususan, 2025–2026 yillarga mo‘ljallangan Korrupsiyaga qarshi kurashish davlat dasturi, korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmon va qarorlari, shuningdek boshqa normativ-huquqiy hujjatlar milliy korrupsiyaga qarshi siyosatning huquqiy va institutsional asoslarini yanada mustahkamladi.

Shuningdek, milliy qonunchilikni rivojlantirishning muhim bosqichlaridan biri sifatida “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilinib, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, uni aniqlash va tartibga solishning huquqiy mexanizmlari joriy etilgani, davlat xizmatchilari uchun tegishli majburiyatlar hamda mazkur sohadagi javobgarlik choralari belgilab berilgani qayd etildi.

Korrupsiyaga qarshi qonunchilikni yana-da takomillashtirish ishlarining izchil va mantiqiy davomi sifatida joriy yil 22-iyun kuni Davlatimiz rahbari tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirish va korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlikning muqarrarligini taʼminlashga qaratilgan Qonun imzolandi. Mazkur Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining uchta kodeksi va beshta qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Jumladan, milliy qonunchilikda ilk bor “korrupsiyaga oid jinoyatlar” tushunchasi huquqiy jihatdan mustahkamlandi, korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etgan shaxslarning Elektron reyestri tashkil etildi, ushbu reyestrga kiritilgan shaxslarga nisbatan qator cheklovlar belgilandi hamda eng xavfli korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun jinoiy-huquqiy taʼsir choralari kuchaytirildi.

Shuningdek, komplayens-nazorat institutini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratildi. Qonun bilan komplayens va ichki korrupsiyaga qarshi nazorat bo‘linmalari faoliyatining huquqiy asoslari mustahkamlandi, ularni barcha davlat organlari va tashkilotlarida tashkil etish nazarda tutildi, ushbu bo‘linmalar xodimlarining mustaqilligini taʼminlovchi qo‘shimcha kafolatlar belgilandi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining Komplayens xizmatiga muvofiqlashtiruvchi vakolatlar berildi.

Xalqaro ekspertlar tomonidan mazkur institutsional islohotlar yuqori baholandi.

Ikkinchi bosqich monitoringi doirasida ham korrupsiyaga qarshi siyosat, manfaatlar to‘qnashuvi va mol-mulkni deklaratsiya qilish, korrupsiya haqida xabar beruvchilarni himoya qilish, biznesda halollik, davlat xaridlarida halollik, sud va prokuratura mustaqilligi, korrupsiyaga qarshi ixtisoslashtirilgan institutlar hamda korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik yo‘nalishlar bo‘yicha amaliy muloqot va taqdimotlar o‘tkaziladi.

Monitoring yakunlari bo‘yicha ekspertlar tomonidan O‘zbekiston uchun tegishli tavsiyalar hamda texnik ko‘mak yuzasidan takliflar ishlab chiqiladi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi

Axborot xizmati

Öxşaş materiallar