Virtual qabulxona

O‘zbekistonning Latviya va Finlyandiya bilan korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi hamkorligi yangi bosqichga ko‘tarilmoqda

Asosiy yangiliklar 2 400 marta körilgan

23-25 aprel kunlari O‘zbekiston delegatsiyasi korrupsiyaga qarshi kurashishga oid siyosatni muvofiqlashtirish, davlat organlari va fuqarolik jamiyati instituti vakillarining hamkorlikdagi faoliyatini tashkil etish, islohotlarni hududlarda ham to‘liq ijrosini taʼminlash, sohada ilmiy tadqiqot va aql markazlarining ishtiroki kabi masalalarda Latviya va Finlyandiya masʼul idoralari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori o‘rinbosari U.Tuxtasheva boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibidan Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining masʼul qo‘mitasi, Vazirlar Mahkamasi hamda elchixona vakillari joy olgan.

Tashrif BMT Taraqqiyot dasturi ko‘magida tashkil etildi.

O‘zbekiston delegatsiyasi 22-aprel kuni Latviya Moliya vazirligi huzuridagi Moliya va kelishuvlar markaziy agentligi bilan uchrashishdi. Muzokaralar chog‘ida Latviyaning korrupsiyaga qarshi kurashish va iqtisodiy jinoyatlar bo‘yicha tajribasi va bu boradagi O‘zbekiston bilan o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, Latviya tomoni O‘zbekistonga korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha ilg‘or jahon amaliyotini joriy etishda ko‘maklashish maqsadida Toshkentda BMT TD va GIZ bilan birgalikda Agentlik uchun grant mablag‘lari (loyiha) ajratganini maʼlum qildi. Loyiha mazkur yildan boshlanadi.

Finlyandiyaga tashrif Qonun ustuvorligi markazi direktori - Tuyya Braks xonim bilan uchrashuv bilan boshlandi.

Maʼlumot uchun: Qonun ustuvorligi markazning asosiy maqsadi - mamlakatlarga qonun ustuvorligini mustahkamlash, qonunchilik ishlarini soddalashtirish va qonun ustuvorligi institutlarining funksional imkoniyatlarini rivojlantirishga yordam berish uchun tavsiya berish, o‘qitish, baholash va boshqa zarur yordam ko‘rsatish.

Muloqotda Braks xonim markaz hamda Agentlik o‘rtasida hamkorlikdan mamnun ekanligi, O‘zbekistonda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, konstitutsiyaviy o‘zgarishlar, korrupsiyani oldini olishga qaratilgan choralar samaralarini, investitsion muhitning yaxshilangani kabi amaliy natijalarni eʼtirof etdi.

O‘zbekistondagi amaliy natijalar xususida boshqa xalqaro ekspert va tashkilotlarning ham fikri ijobiyligini, buni Qonun ustuvorligi hamda Transparency International singari xalqaro reytinglarda so‘nggi yillarda faqat o‘sish ko‘rsatkichini qayd etayotgan kam sonli mamlakatlardan biri ekanligida namoyon bo‘layotganini taʼkidladi.

Uchrashuv doirasida hamkorlikning huquqiy asoslarini mustahkamlash hamda ustuvor yo‘nalishlarini belgilab olish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va Finlyandiya Qonun ustuvorligi markazi o‘rtasida Anglashuv memorandumi imzolandi.

Shundan so‘ng Delegatsiya aʼzolari Finlyandiya Adliya vazirligi vakillari bilan uchrashishdi.

Adliya vazirligi vakillari vazirlik faoliyati, korrupsiyaga qarshi kurashishga oid o‘rni, korrupsiyaga oid normativ-huquqiy hujjatlar, Finlyandiyaning “Korrupsiyaga qarshi kurash milliy hamkorlik tarmog‘i” (Anticorruption Network) faoliyati, ishini tashkil etishi, Finlyandiya korrupsiyaga qarshi kurashish strategiyasi va yo‘l xaritasi, xabar beruvchilarni himoya qilish to‘g‘risidagi qonun hujjati xakida maʼlumot berib o‘tishdi.

Vazirlik bilan O‘zbekiston Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi faoliyatining samaradorligini oshirish bo‘yicha Finlyandiya “Korrupsiyaga qarshi kurash milliy hamkorlik tarmog‘i” (Anticorruption Network) bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, xususan, Milliy kengash aʼzolarining o‘z tizimlarida amalga oshirayotgan choralari to‘g‘risida axborot berishi, ularning funksional vazifalarini belgilash, hududlar bilan hamkorligi, birgalikdagi harakatlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha ekspertlik ko‘magini ko‘rsatish va kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqishga kelishildi.

Finlyandiya munitsipalitetlari Assotsiatsiyasi vakillari bilan uchrashuvda hududiy birliklarni boshqarilishi, moliyaviy taʼminoti, unda aholining, fuqarolik jamiyati institutlarining ishtiroki xususida maʼlumot berildi.

Maʼlumot uchun: Assotsiatsiya nodavlat tashkilot sifatida Finlyandiyaning 309 ta hududiy birliklarini o‘zida birlashtirgan, ularga metodik, tavsiyaviy, konsultativ jihatdan ko‘mak berib keladi.

Bundan tashqari delegatsiya vakillari Finlyandiya soliq maʼmuriyati, Tashqi ishlar vazirligi, Jinoyatchilikning oldini olish milliy kengashi kotibiyati vakillari bilan uchrashishdi.

Amaliy tashrif doirasida mamlakatlar o‘rtasida hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, korrupsiya to‘g‘risida xabar beruvchilarni himoya qilish yuzasidan tajriba almashish, Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy va hududiy kengashlari faoliyatini metodik qo‘llab-quvvatlash, korrupsion jinoyatlar hamda bunday jinoyatlarni sodir etganlik uchun javobgarlikka tortilganlar statistikasini shakllantirish va yuritish mezonlarini belgilash, O‘zbekistonda Korrupsiyaga qarshi kurashish virtual akademiyasini tashkil etishda hamkorlik qilish, biznes-halollik sohasida harakatlarni kuchaytirish yuzasidan ikki tomonlama manfaatli kelishuvlarga erishildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati

Öxşaş materiallar