Виртуальная приемная

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Xalq banki ATBning matbuot xizmati rahbari davlat tashkilotlari faoliyatining ochiqligiga oid talablarga rioya etmagani uchun maʼmuriy javobgarlikka tortilgani yuzasidan

Главные новости 1 516 просмотров

Материал пока опубликован только на языке: Özbekça

Ushbu holat bo‘yicha Xalq banki axborot xizmati rasmiy telegram kanali va “Antikorrupsiya” nomli telegram kanal tomonidan rasmiy manbalarga tayanilmagan hamda jamoatchilikni chalg‘ituvchi maʼlumotlar eʼlon qilindi.

Mazkur masala yuzasidan quyidagilar maʼlum qilinadi:

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 16-iyundagi PF-6247-son Farmoniga asosan Agentlik tomonidan ijtimoiy ahamiyatga molik maʼlumotlarning eʼlon qilinishida kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligi sababli Xalq banki ATBga 2022-yil 15-dekabrda tegishli tartibda taqdimnoma kiritilgan.

Bundan tashqari, Xalq banki O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 14-iyundagi PF-154-son Farmoniga asosan ilk bor 2023-yilda eʼlon qilingan “Ochiqlik indeksi”da “sariq” toifada baholangan. Agentlik tomonidan Bankning ochiqlikni taʼminlash sohasidagi faoliyatini yanada yaxshilash bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqilib, ularni amalga oshirishga amaliy ko‘mak ko‘rsatilgan.

Shunga qaramasdan, Bank masʼullari tomonidan tizimli ravishda ochiqllikka oid qonunchilikka rioya qilmaslik holatlariga yo‘l qo‘yilganligi sababli 2023-yil noyabr oyida Agentlik tomonidan joyiga chiqqan holda o‘rganish o‘tkazilgan.

O‘rganish natijalariga ko‘ra, davlat xaridlari, mansabdor shaxslarning xizmat safarlari, o‘z faoliyatiga oid hisobotlar kabi bir qator turdagi ochiq maʼlumotlar o‘z vaqtida eʼlon qilinmagani aniqlangan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 16-iyundagi PF-6247-son Farmoni 8-bandiga muvofiq, davlat organlari va tashkilotlarining axborot xizmatlari hamda murojaatlar bilan ishlash bo‘linmalariga mazkur organlarda ochiqlikka oid qonunchilik hujjatlarining ijro etilishini o‘z vaqtida va sifatli taʼminlash vazifasi yuklatilgan.

Shunga ko‘ra, o‘rganish yakunlariga asosan Xalq banki ATBning sobiq axborot xizmati rahbariga nisbatan maʼmuriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma rasmiylashtirilgan hamda tegishli tartibda ko‘rib chiqish uchun sud organiga yuborilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudining 2024-yil 28-fevraldagi qaroriga asosan Xalq bankining sobiq axborot xizmati rahbari O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 215-7-moddasi 1-qismiga muvofiq maʼmuriy jarimaga tortilgan.

2024-yilning 27-mart kuni Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hayʼati apellyatsiya instansiya sudi qaroriga ko‘ra, yuqorida qayd etilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybdor deb topilib, MJtKning 21-moddasiga asosan maʼmuriy javobgarlikdan ozod etilgan va ogohlantirish bilan kifoyalanilgan.

Maʼlumot uchun: Xalq banki sobiq axborot xizmati rahbari sudda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan ochiqlikka doir qonunchilik hujjatlarida belgilangan talablarga rioya etilishi bo‘yicha aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etganligi va pushaymonligini bildirib, ogohlantirish bilan kifoyalanishni so‘ragan.

Yuqoridagi holatlar yuzasidan o‘tkazilgan barcha sud jarayonlarida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi masʼul xodimlarining ishtiroki taʼminlangan.

OAV, jurnalist va blogerlardan jamoatchilikni chalg‘ituvchi va haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan maʼlumotlarni tarqatmaslikni so‘raymiz.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati

Похожие материалы