Virtual qabulxona

Buxoro viloyatida korrupsiyaga qarshi kurashish ishlari holati o‘rganildi

Asosiy yangiliklar 1 474 marta körilgan

Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida Davlatimiz Rahbari tomonidan berilgan topshiriqlar ijrosini taʼminlash maqsadida joriy yilning 1-5 aprel kunlari ishchi guruh tomonidan Buxoro viloyatining Buxoro va Kogon shaharlari, Shofirkon, Kogon, Jondor, Vobkent, Buxoro tumanlarida korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar holati o‘rganildi.

O‘rganishlarda asosan aholi va tadbirkorlar bilan bevosita muloqotga kirishadigan maktabgacha va maktab taʼlimi, sog‘liqni saqlash, bank, bandlik, kadastr, energetika va suv taʼminoti hamda mahalliy hokimliklarda korrupsiyaviy jinoyatlar salmog‘i yuqoriligi va bu xavf-xatarlarni minimallashtirish borasida soha masʼullari tomonidan zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmaganligini ko‘rsatdi.

Xususan, yuqorida qayd etilgan hududlardagi bank filiallarida elektron navbat tizimi va kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligini taʼminlashga yo‘naltirilgan imtiyozli kredit ajratish jarayonlari bilan tanishilganda bank xizmatlaridan foydalanishda odamlar sarson bo‘layotgani, uzoq navbat kutishlarning oldini olish ishlari sust yo‘lga qo‘yilgani aniqlandi.

Bozor va savdo komplekslaridagi o‘rganishlarda savdo va avtoturargohlar faoliyatini tartibga solish ishlari ham to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmaganligi maʼlum bo‘ldi.

Tumanlardagi bandlik bo‘limlari faoliyatida davlat organlari va tashkilotlari tomonidan mavjud bo‘sh ish o‘rinlariga oid maʼlumotlar taqdim etilishida “inson omili” yuqori ekanligi, bu esa turli korrupsiyaviy omillarni keltirib chiqarayotgani oydinlashdi. Masʼullar bilan jarayonni raqamlashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar muhokama qilindi.

Sog‘liqni saqlash tizimidagi o‘rganishlar tibbiyot xodimlarini korrupsiyaga qarshi bilim va ko‘nikmalarini oshirish, tibbiyot muassasalariga ishga qabul qilish, xodimlarni rag‘batlantirish va yuqori lavozimlarga ko‘tarish jarayonida ochiqlik va shaffoflik taʼminlash, tibbiy jihozlar va dori vositalari uchun ajratilgan byudjet mablag‘larini o‘zlashtirishning oldini olish bo‘yicha hal etilishi lozim bo‘lgan vazifalar borligini ko‘rsatdi.

Maktabgacha va maktab taʼlim yo‘nalishida korrupsiyaviy holatlar asosan ishga qabul qilish, imtihonlardan o‘tkazishga, xususiy maktabgacha taʼlim muassasasini ochishga yordam berish va dars soatlarini taqsimlash, maktab va bog‘chalar uchun ajratilayotgan byudjet mablag‘lari hujjatlarini soxtalashtirish orqali talon-toroj qilish holatlariga chek qo‘yish, sohada raqamlashtirishni kuchaytirish borasida yechimini kutayotgan masalalar mavjud.

O‘rganishlarda aniqlangan kamchilik va muammolar rahbar-xodimlar bilan birgalikda muhokama qilinib, zamonaviy, xalqchil va samarali tizim yaratish bo‘yicha takliflar berildi, asosiy vazifalar belgilab olindi.

Shuningdek, kriminogen vaziyat og‘ir bo‘lgan mahallalarda huquq-tartibot idoralari, profilaktika bo‘linmalari, "Mahalla yettiligi" tomonidan xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini oshirish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati

Öxşaş materiallar