Virtual qabulxona

Korrupsiyaga qarshi kurashishda jamoatchilik kengashlarining rolini oshirish bo‘yicha seminar-trening o‘tkazildi

Asosiy yangiliklar 1 959 marta körilgan

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan “Mintaqaviy muloqot” xalqaro nodavlat nohukumat tashkiloti bilan hamkorlikda joriy yilning 23-24 fevral kunlari “Korrupsiyaga qarshi kurashishda vazirlik va idoralar huzuridagi jamoatchilik kengashlarining rolini oshirish” mavzusidagi seminar-trening tashkil etildi.

Tadbirda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda vazirlik va idoralar huzuridagi jamoatchilik kengashi aʼzolari, xalqaro ekspertlar, nodavlat notijorat tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Seminar-treningning maqsadi jamoatchilik kengashlarining faolligini oshirish, ularni o‘z vazirlik va idoralaridagi korrupsiyaga qarshi kurashish siyosatini ishlab chiqishda hamda monitoringini amalga oshirishda ishtirokini kuchaytirish, tashkilot faoliyatining ochiqligini taʼminlash, fuqarolik jamiyati institutlari va OAV bilan korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida samarali hamkorligini taʼminlash uchun davlat organini fuqarolar bilan bog‘lab turadigan “ko‘prik” rolini bajarishi bo‘yicha taklif va tavsiyalarni ishlab chiqishdan iborat.

Tadbirning kirish qismida taʼkidlanganidek, mamlakatimizdagi islohotlarda jamoatchilik nazorati va fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Strategik hujjatlar va davlat dasturlarida jamoatchilik monitoringi mexanizmlari belgilanmoqda.

Davlat idoralari huzuridagi jamoatchilik kengashlari instituti jamoatchilik monitoringini tashkil etish hamda tashkilotni fuqarolik jamiyati instituti vakillari bilan bog‘lashda dastlabki va g‘oyat muhim tuzilma hisoblanadi. Jamoatchilik kengashlari faoliyati davlat organining qanchalik ochiq va oshkora ekanligini namoyon etadi.

Seminar-trening mashg‘ulotlarining dastlabki kuni davlat organlari huzuridagi Jamoatchilik kengashlarining huquqiy asoslari va amaliyoti, jamoatchilik monitoringini tashkil etish mexanizmlari va bosqichlari, bu boradagi xorijiy mamlakatlar tajribasi bilan tanishildi.

Shuningdek, maʼruzachilar tomonidan normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizasini o‘tkazish metodologiyasi bo‘yicha maʼlumot berildi.

Ishtirokchilar seminar-trening davomida jamoalarga bo‘lingan holda interaktiv shakldagi amaliy mashg‘ulotlarda ham qatnashishdi. Xususan, turli normativ-huquqiy hujjatlarni korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazishdi va undagi korrupsiyaviy xavf-xatar hamda omillarni aniqlashdi.

Bundan tashqari, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan ishlab chiqilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy strategiya hamda korrupsiya haqida xabar bergan shaxslarni himoya qilishga oid qonun loyihalarini muhokama qilishdi va ularni takomillashtirish yuzasidan o‘z takliflarini berishdi.

Seminar-treningning ikkinchi kunida davlat organlarining maʼlumotlarni ochiqlanishini hamda davlat xaridlari jarayonlarini monitoring qilishda jamoatchilik kengashi aʼzolarining ishtiroki to‘g‘risida fikr almashildi.

Shuningdek, ishtirokchilar o‘zlari kengash aʼzosi bo‘lgan vazirlik va idoralarning shaffofligi hamda davlat xaridlariga oid maʼlumotlarni ochiq manbalar orqali tahlil qilishdi.

Bundan tashqari ishtirokchilar xalqaro ekspert tomonidan jamoatchilik kengashlarining davlat organlari faoliyatidagi ishtiroki, korrupsiyani oldini olish, shaffofligini taʼminlashdagi ishtirokida xorijiy mamlakatlar tajribasi haqida maʼlumotlar berildi. Ishtirokchilar bu borada o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.

Seminar-trening davomida korrupsiyaga qarshi kurashishda Agentlik hamda vazirlik va idoralar huzuridagi jamoatchilik kengashlarining o‘zaro hamkorligi, kelgusi rejalari, birgalikda amalga oshiriladigan loyihalar kelishib olindi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati

Öxşaş materiallar